Shavkat Mirziyoyev Nukusdagi yangi bazalt zavodi faoliyati bilan tanishdi
Qoraqalpog‘istonning ulkan sanoat salohiyatini yuzaga chiqarish, tabiiy boyliklarni xomashyo emas, balki tayyor mahsulot sifatida qayta ishlash davlat iqtisodiy siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nukus shahriga tashrifi chog‘ida mahalliy bazaltdan zamonaviy issiqlik izolyatsiya materiallari ishlab chiqaradigan yangi "Nukus Insulation Group" korxonasida bo‘lib, uning ish jarayonlarini bevosita ko‘zdan kechirdi.
Mazkur sanoat majmuasi davlat rahbarining 2024-yil 9-fevraldagi Qoraqalpog‘istonni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan qarori doirasida barpo etildi. Zamonaviy muhandislik yechimlari asosida qisqa fursatda ishga tushirilgan ushbu korxona mintaqaning tabiiy resurslaridan unumli foydalangan holda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish modelining amaliy ifodasidir.
Tashrif davomida Prezident ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan ishlab chiqarish liniyalarini ko‘zdan kechirdi, tayyor mahsulotlarning sifat parametrlari va xalqaro talablarga qay darajada mos kelishini baholadi. Korxona mutaxassislari va yosh ishchilar bilan bo‘lgan samimiy muloqotda yangi ish o‘rinlarining ahamiyati, zamonaviy mehnat sharoitlari va mutaxassislarning kasbiy mahorati alohida e’tirof etildi.
Tashrif chog‘ida Qoraqalpog‘iston tumanlariga biriktirilgan viloyat hokimlari hududlarni obodonlashtirish va yangi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berdilar. Davlat rahbari viloyatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash, birgalikdagi sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va yangi ishlab chiqarish quvvatlari orqali aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha muhim vazifalarni belgilab berdi. Bu esa korxona mahsulotlarining butun mamlakat qurilish maydonlariga keng kirib borishiga zamin yaratadi.





