-

"Thermo Plus" brendining Nukusdagi ilk mahsulotlari savdo tarmoqlari tomon yo‘l oldi

"Thermo Plus" brendining Nukusdagi ilk mahsulotlari savdo tarmoqlari tomon yo‘l oldi

Nukus shahrida qad rostlagan "Nukus Insulation Group" zavodida quvonchli va muhim voqea ro‘y berdi. Korxonada yuqori xalqaro standartlar asosida ishlab chiqarilgan "Thermo Plus" savdo belgisidagi bazalt issiqlik izolyatsiyasi mahsulotlarining dastlabki partiyasi rasman sotuvga chiqarildi va iste’molchilar tomon yo‘l oldi. 2026-yil 19-sentabr kuni zavod darvozasidan mahsulotlar ortilgan ilk yuk mashinasining kuzatib qo‘yilishi butun korxona jamoasi uchun chinakam bayramga aylandi.

Ushbu voqea ishlab chiqarish loyihasining sinov va sozlash jarayonlaridan to‘laqonli tijorat bosqichiga qadam qo‘yganini anglatadi. Qisqa vaqt ichida barpo etilgan yangi korxona o‘z laboratoriyalarida to‘liq sinovdan o‘tgan sifatli mahsulotlarni real bozorga yetkazib berishni boshladi. Bu esa loyihaning dastlabki g‘oyasidan tortib tayyor mahsulotgacha bo‘lgan katta yo‘lida birinchi, ammo eng salmoqli amaliy natijadir.

"Thermo Plus" bazalt izolyatsiya plitalari binolarning qishda issiq, yozda salqin bo‘lishini ta’minlab, yong‘inga mutlaqo chidamliligi bilan ajralib turadi. Hozirda yangi hududlarni qamrab olish, ishonchli dilerlik tarmoqlari va yirik qurilish kompanivalari bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish ishlari jadal olib borilmoqda. Korxona o‘zining mustahkam va sifatli yechimlari bilan qurilish bozorida ishonchli o‘rin egallashni maqsad qilgan.

Zavod jamoasining intilishlari faqat ichki bozor bilan cheklanib qolmaydi. "Nukusdan — katta bozorlarga!" shiori ostida yo‘lga chiqqan ilk yuk avtomobili korxona kelajagining debochasidir. Rejaga ko‘ra, Nukusda ishlab chiqarilgan "Thermo Plus" mahsulotlari nafaqat O‘zbekistonning barcha viloyatlariga, balki tez orada qo‘shni davlatlar va xalqaro bozorlarga ham eksport qilinadi.